Ayni kunlarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Jonibek Tavakalov boshchiligidagi delegatsiya Eron Islom Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Tashrif davomida Eron Milliy ilm-fan jamg‘armasi, Eron Agrar tadqiqotlar, ta’lim va rivojlanish tashkiloti hamda Eron saraton instituti, Saraton tadqiqotlar markazi va Eron ilg‘or klinik o‘quv markazi rahbariyati va jamoasi bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuv natijasida Eron Islom Respublikasining yuqoridagi tashkilotlari bilan hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston yosh olimlarini mazkur tashkilotlarda ilmiy stajirovka o‘tashlari yuzasidan tomonlar o‘rtasida memorandum va kelishuvlar imzolandi.
Xususan, Eron milliy ilm-fan jamg‘armasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda jamg‘arma tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar yuzasidan ma’lumotlar berildi va ikki tomon o‘rtasida hamkorlikda tanlovlar e’lon qilish to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazilib, hamkorlik parametrlari va shartnoma shartlari kelishildi. Muzokaralar natijasida Agentlik, Jamg‘arma va Eron milliy ilm-fan jamg‘armasi o‘rtasida 2023 – 2025-yillarda hamkorlikda ilmiy loyihalar tanlovini tashkil etish va moliyalashtirish yuzasidan memorandum imzolandi.
Shuningdek, tashrif davomida Agrar tadqiqotlar, ta’lim va rivojlanish tashkiloti (Agricultural Research, Education and Extension Organization) taklifiga binoan tashkilot direktori Turaj Valinasab bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: Agrar tadqiqotlar, ta’lim va rivojlanish tashkiloti 1974 yilda tashkil topgan bo‘lib, Yaqin Sharqdagi eng katta qishloq xo‘jaligi tadqiqotlar tizimi hisoblanadi. Uning tarkibida 19 ta tadqiqot institutlari, 23 ta inkubatsiya markazlari, 34 ta hududiy ilmiy ta’lim markazlari hamda 360 ta sinov maydonlarini o‘z ichiga olgan.
Uchrashuv davomida so‘ngi yillarda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot almashinilib, hamkorlikda yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Natijada Agentlik, Jamg‘arma va Agrar tadqiqotlar, ta’lim va rivojlanish tashkiloti o‘rtasida yosh olimlarni qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Bunda, stajirovkaning asosiy yo‘nalishlari sifatida biotexnologiya, tuproqshunoslik, agrotexnologiyalar, sho‘rga chidamli o‘simliklarni yetishtirish hamda bog‘dorchilik etib belgilab olindi.
Shu bilan birga, tashrif davomida Eron tibbiy ilg‘or va uskunalar instituti direktori professor Said Sarkor bilan ham uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida tomonlar istiqbolda hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan sohalar, jumladan jarrohlik sohasida ilmiy stajirovkalar uchun imkoniyatlar yaratish haqida muzokaralar o‘tkazib, dastlabki kelishuvlarga erishildi.