






Bugun, 10-aprel sanasida Tatariston Respublikasining Kazan shahrida tashkil etilgan “Kazan EXPO” doirasida XIX Rossiya venchur forumi o‘z ishini boshladi.
Startaplarni namoyish qilish va investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan tadbirda Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi masʼullari ishtirok etishmoqda.
Xizmat safari davomida delegatsiyamiz vakillari Innopolis shahrida forum oldi tadbirida ishtirok etdilar. Unda innovatsion loyihalar, ilmiy ishlanmalar hamda venchur investitsiyalar imkoniyatlari, zamonaviy texnologiyalar va startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi. Shuningdek, Tatariston Respublikasi Milliy kutubxonasi faoliyati, xususan, elektron resurs bazasi, Respublika Ilmiy-texnik axborot markazi faoliyati o‘rganildi.
Tatariston Respublikasi Fan va texnologiyalar jamg‘armasi rahbari bilan o‘tgan muzokaralarda esa xalqaro qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan o‘zaro tajriba almashildi.
Maʼlumot o‘rnida, Rossiya venchur forumi 2005-yildan buyon tashkil etib kelinayotgan yirik voqelik sanaladi. Tadbir bir vaqtning o‘zida tadbirkorlar, xususiy va individual investorlar, korporatsiya hamda taraqqiyot institutlarini bir joyda jamlashi bilan ham ahamiyatli sanaladi.