





Shu kunlarda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Jonibek Tavakalov AQShning Texas shtatida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Xizmat safaridan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston yosh olimlarini AQShning yetakchi universitetlarida ilmiy stajirovkalarni tashkil etishdan iborat.
Muloqot natijasida O‘zbekistonlik yosh olimlarning universitetda ilmiy stajirovka o‘tashlarini tashkil etish yuzasidan Innovatsion rivojlanish agentligi, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va AQShning eng yirik va yetakchi bo‘lgan Texas shtatining “University of Texas at Dallas” (UTD) universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi hamda “Texas A&M university” (TAM) va “Rice university” (RICE) universitetlari bilan xorijiy ilmiy stajirovkalarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tashrif davomida stajirovka o‘tovchilar uchun mavjud sharoitlar o‘rganildi.
Ma’lumot uchun, UTD va RICE universitetlari nanotexnologiya, fizika, materialshunoslik va muhandislik sohalaridagi, TAM universiteti esa irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi tadqiqotlari bo‘yicha dunyoda QS hamda Times Higher Education reytinglarida yetakchi o‘rinlarni egallagan. Universitetlar zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lib, mazkur universitetlarda ilm olish istagida bo‘lgan barcha yosh olimlar va talabalar uchun kutubxonalar, laboratoriyalar, IT markazlari va innovatsion o‘quv xonalari tashkil etilgan.