
Ilmiy laboratoriyalar uchun muhim bosqich
Yangilangan tartibning ustunligi nimada?
Hayotimizni oʻzgartiradigan, jamiyat rivojiga hissa qoʻshadigan ixtirolar, innovatsion gʻoyalar, avvalo, ilmiy izlanishlar qilinadigan laboratoriyalarda shakllanadi.
Chunki aynan shu muhitda yangi fikrlar tajriba orqali sinovdan oʻtkaziladi, nazariy bilimlar amaliyotga tatbiq etiladi. Biroq laboratoriyalarda yetarlicha zamonaviy asbob-uskunalar mavjud boʻlmasa, ilmiy tadqiqotlar samaradorligi pasayadi, yaratilgan gʻoyalarni toʻliq sinovdan oʻtkazish imkoniyati cheklanadi. Shu bois, ilmiy infratuzilmani mustahkamlash, laboratoriyalarni zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash innovatsion rivojlanishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Bugungi global raqobat sharoitida ilmiy natijadorlik koʻp jihatdan aynan labora- toriya imkoniyatlari bilan belgilanmoqda.
Qaysi davlat ilmiy infratuzilmani tezroq va samaraliroq yangilasa, oʻsha mamlakat in- novatsiyalar poygasida ustunlikka ega boʻladi. Shu nuqtayi nazardan, laboratoriyalarni jihozlash tartibini takomillashtirish masalasi strategik ahamiyat kasb etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-fevraldagi “Ilmiy faoliyat sohasidagi tashkilotlarni laboratoriya asbob-uskunalari, sarflov materiallari va butlovchi qismlar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida yangi tartib joriy etildi. Agar ilgari asosiy eʼtibor laboratoriyalarni jihozlashning oʻziga qaratilgan boʻlsa, endi ustuvorlik ilmiy faoliyatni samarali tashkil etish, ehtiyojdan kelib chiqib boshqarish va natijaga xizmat qiluvchi infratuzilmani shakllantirishga berilmoqda.
Qarorning eng muhim jihatlaridan biri jarayonlarning raqamlashtirilgan boshqaruv tizimiga oʻtkazilishidir. Yaʼni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga Ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari yagona elektron platformasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Maxsus axborot tizimini ishlab chiqish va texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash belgilangan tartibda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan boʻlishi koʻzda tutilgan. Endi laboratoriya uskunalariga boʻlgan ehtiyojni shakllantirish, buyurtma berish va koʻrib chiqish yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi.
Bu esa inson omili taʼsirini kamaytirib, shaffoflikni oshiradi, qaror qabul qilish jarayonini tezlashtiradi. Natijada ilmiy tashkilotlar oʻz tadqiqotlarini ortiqcha byurokratik toʻsiqlarsiz davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi. Shuningdek, xarid tizimi moslashuvchan shaklga oʻtkazildi. Oldin buyurtmachi tashkilot loyihalar portfelini uch yilda bir marotaba yuqori turuvchi tash- kilotga taqdim etishi mumkin edi. Keyin esa ular hujjatlarni vazirlikka yuborar, undan keyin ekspert guruhi tomonidan koʻrib chiqilar va maʼqullangachgina xarid jarayoniga kirishilar edi. Bu esa amalda laboratoriyalar zarur uskunani kutib vaqt ketkazishiga olib keladi. Natijada qaysidir tajriba, ilmiy jarayon choʻzilib ketaverardi. Vaholanki, ilmiy tadqiqotlar vaqt bilan chambarchas bogʻliq. Kechikish natijadorlikka salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Endi esa ilmiy faoliyat olib boruvchi tashkilotlarda buyurtmalari boʻyicha xaridni amalga oshirish imkoniyati mavjud. Bunda yirik xaridlar markazlashgan tartibda amalga oshiriladi. Markazlashgan davlat xa- ridlarini amalga oshirish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan har yili yanvar oyida ilmiy faoliyat yoʻnalishlari uchun zarur asbob-uskunalar, sarflov ma- teriallari va butlovchi qismlarni xarid qilish boʻyicha komissiya tashkil etiladi.
Xaridlar eng yaxshi takliflarni tanlash asosida boʻladi. Kichik hajmdagi zarur usku- nalarni xarid qilish esa ilmiy tashkilotlarning maxsus axborot tizimi orqali yuborilgan arizasiga asosan amalga oshiriladi.
Shuningdek, qaror asosida ilmiy faoliyatning real ehtiyojlariga asoslangan rejalashtirish tizimi joriy etildi. Endi jihozlash jarayoni umumiy rejalar asosida emas, balki aniqlashtirilgan ilmiy loyihalar, dissertatsiyalar va tadqiqot yoʻnalishlari ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi. Bu esa ilmiy infratuzilmani bevosita ilmiy natijadorlik bilan bogʻlaydi.
Yana bir muhim jihat, ilmiy tashabbus- ning pastdan yuqoriga qarab shakllanishi boʻldi. Endi laboratoriya uskunalariga boʻlgan ehtiyoj tashabbusi loyiha rahbarlari yoki ilmiy boʻlinmalar tomonidan ilgari suri- lishi mumkin. Bu ilmiy jarayonni markazdan emas, balki tadqiqotning oʻzi orqali boshqarish imkonini yaratib, ilmiy xodimlar faolligini oshiradi. Ularni qaror qabul qilish jarayoniga bevosita jalb qiladi va amaliy ehtiyojlarni shakllantiradi. Yangi tizim faqat texnik jihozlash bilan cheklanib qolmaydi, inson kapitalini rivojlantirishni ham nazarda tutadi. Aytaylik, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda xarid qilinadigan laboratoriya asbob-uskunasidan foydalanish boʻyicha malakali xodim- lar boʻlmasa yoki xodimlar malakasini oshirish zarurati tugʻilsa, ularni ikki haftagacha yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga ilmiy stajirovkaga yuborish mumkin. Bu oʻzgarish alohida ahamiyatga ega. Chunki zamonaviy usku- na oʻz-oʻzidan natija bera olmaydi — uni toʻgʻri ishlata oladigan mutaxassis kerak. Yangi qaror aynan shu muammoni ham qamrab olgani bilan muhim. Bu esa ilmiy infratuzilma va ilmiy salohiyat oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni taʼminlaydi.
Umuman olganda, yangi tartib ilmiy laboratoriyalarni jihozlashga oid oddiy taʼminot modelidan zamonaviy boshqaruv modeliga oʻtishni anglatadi. U shaffoflikni oshiradi, ilmiy tashabbusni qoʻllab-quvvatlaydi, xarid jarayonlarini tezlashtiradi, asosiysi, ilmiy natijadorlikni markaziy maqsadga aylantiradi. Endi laboratoriyalarga faqat uskunalar jamlanmasi emas, balki ilmiy natija yaratiladigan samarali ekotizim sifatida qaralmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, ilmiy ishlanmalar sifati oshishiga, innovatsion gʻoyalarning tezroq amaliyotga joriy etilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi tartib orqali ilmiy tashkilotlarda masʼuliyat va mustaqillik muvozanati taʼminlanadi: bir tomondan, ularga keng imkoniyatlar yaratiladi, ikkinchi tomondan, natija uchun javobgarlik kuchayadi. Bu esa butun tizim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.