



O‘zbekistonlik yosh olimlar Tataristonning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlarida stajirovka o‘taydilar
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Jonibek Tavakalov boshchiligida Tatariston Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan delegatsiyamiz vakillari ishtirokida Qozon federal universiteti rahbariyati va jamoasi bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv natijasida O‘zbekistonlik yosh olimlar mazkur universitetda ilmiy stajirovka o‘tashlari yuzasidan Innovatsion rivojlanish agentligi, Jamg‘arma va Qozon federal universiteti o‘rtasida kelishuv imzolandi.
Uning shartlariga ko‘ra, joriy yilning may oyida stajirovka tanlovi eʼlon qilinadi va yilning 3-choragidan yosh olimlarimiz ilmiy stajirovkaga yuboriladi.
Tashrif davomida stajirovka o‘tovchilar uchun mavjud yashash sharoitlari ham o‘rganildi.
Maʼlumot uchun, Qozon federal universitetiga 1804-yilda asos solingan va u Rossiyaning eng kuchli oliy taʼlim muassasalari “Top-20” ro‘yxatiga kiritilgan. 2023-yilda taʼlim maskani Rossiya universitetlari orasida xorijlik talabalar soni bo‘yicha 3-o‘rinni egallagan.