



O‘zbekistonda “aqlli shahar“ ekotizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida rivojlantirish, sohada yuqori malakali kadrlar tarkibini shakllantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish agentligi va Malayziya “Aqlli“ shaharlar alyansi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolangan.
Agentlik hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vakillari hamkorlik ishlarini rejalashtirish va tegishli tadbirlarni belgilab olish maqsadida tashkilot rahbariyati va mutaxassislari bilan uchrashdilar.
O‘zaro muloqot davomida alyans rahbari doktor Raslan Ahmad Malayziyada “aqlli shahar“ larni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qildi.
O‘zbekistonda “aqlli shahar“ texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha fikrlar almashinib, hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy ishlar va Malayziya vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.
Malayziya "Aqlli" shaharlar alyansi 2018-yilda tashkil etilgan. Tashkilot davlat tuzilmalari, xususiy kompaniyalar, investorlar, o‘rta va kichik biznes, ilmiy-ta’lim muassasalarini birlashtiradi. "Aqlli" va barqaror shaharlarni rivojlantirish yo‘nalishida davlat-xususiy sherikligini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajriba almashish, "aqlli shahar" innovatsion, texnologik va barqaror yechimlar almashinuvini rag‘batlantirish, anjuman va ko‘rgazmalar tashkil qilish bilan shug‘ullanadi.