
SATREPS — bu Yaponiya hukumati tomonidan ilgari surilgan dastur bo‘lib, u global muammolarni hal etishga qaratilgan xalqaro qo‘shma tadqiqotlarni rag‘batlantiradi.
SATREPS dasturi ilm-fan va texnologiyani diplomatiya bilan uyg‘unlashtirib, “fan va texnologiya diplomatiyasi” konsepsiyasi doirasida global muammolarni hal qilish maqsadida xalqaro ilmiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
SATREPS doirasida Yaponiya va rivojlanayotgan mamlakatlar tadqiqotchilari atrof-muhit va energetika, bioresurslar, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini yumshatish hamda yuqumli kasalliklarga qarshi kurash kabi to‘rtta ustuvor yo‘nalishdagi dolzarb muammolarni birgalikda hal qilishga harakat qilmoqdalar.
Hozirda Yaponiya hukumatining Barqaror rivojlanish uchun ilm-fan va texnologiya tadqiqot hamkorligi (SATREPS-2020) grant dasturi doirasida Orolda loyiha amalga oshirilmoqda va u Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST) tomonidan tanlab olingan 10 ta xalqaro loyiha orasidan eng yaxshisi deb topilgan.
SATREPS-2020 doirasida nega aynan Orol bilan bog‘liq loyiha amalga oshirilmoqda va u qanday masalalarni qamrab olgan?
Ma’lumki Orol dengizi inqirozi oqibatlari Orolbo'yi mintaqasida yashayotgan millionlab odamlarning hayot faoliyatiga ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Ma’lumki, keyingi 55 yilda Orol dengizining qurigan tubida 5,2 million gektar maydonda Orolqum deb nomlangan yangi cho‘l paydo bo‘ldi. Dunyoning boshqa har qanday cho‘llarida bo‘lgani kabi Orolqumda ham insonlarning to‘kis hayot kechirishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, biologik xilma-xillik va ekotizimni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan infratuzilma va ijtimoiy shart-sharoitlar etarli emas. Shu bois ham 2021-yil 18-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev taklifiga binoan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. Mazkur rezolyutsiyaga asosan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar, shuningdek yashil iqtisodiyot va mahsulotlardan ko‘p marta foydalanadigan iqtisodiyot tamoyillari asosida Orolbo‘yi hududini ekologik va inson inqirozi bilan bog‘liq hududdan barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlangan hududga aylantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlar hamda ustuvor loyihalar belgilandi. Bu esa SATREPS-2020ning ustuvor maqsadlariga hamohang edi. Shu bois Orolda Innovatsion rivojlanish agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamkorligida SATREPS doirasida 2022-2027-yillarga mo‘ljallangan “Orolbo‘yi mintaqasida tuproqning sho‘rlanishiga qarshi kurash, yerning unumdorligi va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun suv resurslaridan foydalanishni monitoring va nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha Yaponiya hukumatining 5,0 mln AQSH dollar grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan. Loyihaning asosiy maqsadi Orolbo‘yi mintaqasida yerlarning unumdorligini oshirish va suvdan foydalanish imkoniyati cheklangan mahalliy aholining farovonligini yaxshilash maqsadida zamonaviy iqlim o‘zgarishlarini kuzatish markazini tashkil etish, meteorologik monitoringlar olib borish, shuningdek sho‘rlangan sharoitda qishloq xo‘jaligiga yangi yapon texnologiyalarini joriy etishdan iborat.
SATREPS-2020 dasturi doirasida Yaponiya hamkor tomon universitetlari:
1. Kyoto University
2. Mie University
3. Chiba University
4. The University of Kitakyushu
5. Kobe University