






Bir muddat avval, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan Marhamat innovatsion tumanida bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida kambagʻal oilalar xonadonlarida issiqxona tashkil etib “Yava va ferari F1” navli 3 yillik bulgʻor qalampirini yetishtirishni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilayotgani haqida yozgandik. Xonadon egalari bugun dastlabki hosilni yig‘ish taraddudini ko‘rmoqdalar.
Joriy yilning I choragida “Asr umidi” MCHJning “Oʻsimliklar klinikasi” loyihasi doirasida Marhamat tumanidagi 200 ta kambagʻal oilalar bilan yuqori daromadli bulgʻor qalampirini yetishtirish boʻyicha kooperatsiya asosida shartnoma tuzildi. Unga ko‘ra, har bir xonadonga 400 tupdan 800 tupgacha “Yava va ferari F1” navli 3 yillik bulgʻor qalampiri koʻchatlari yetkazib berildi. Koʻchatlarni agrotexnik tadbirlar asosida oʻtkazish va parvarish qilish bo‘yicha o‘quv darslari tashkil etildi. Shu kunlarda aholi dastlabki hosilni terish ishlarini boshlash arafasida. Pishib yetilgan hosil “Asr umidi” MCHJ tomonidan sotib olinadi. Mazkur loyiha qishloq xoʻjaligini rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va mehnatga layoqatli aholi bandligini taʼminlash orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ma’lumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 17-yanvardagi PQ-12-sonli qaroriga asosan joriy yil yakuniga qadar Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 3 930 ta, jumladan mazkur loyiha doirasida 200 ta oilani kambagʻallikdan chiqarish rejalashtirilgan.