Joriy yilning 7-8 fevral kunlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida Buyuk Britaniyaning “Clarivate” kompaniyasi bilan hamkorlikda "Web of Science"ga O‘zbekiston Milliy obunasini tashkil etish" mavzusida forum tashkil qilindi.
Tadbirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Clarivate” kompaniyasi, Jahon bankining O’zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, shuningdek, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari va ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari va olimlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida O‘zbekistonda ilm-fan rivoji, uning o‘sish yo‘llari va bunda “Web of Science” xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasining o‘rni haqida qizg‘in muhokamalar o’rin oldi va ma’lumotlar bazasidan foydalanuvchi tashkilotlarning sertifikatsiya jarayoni ham bo‘lib o’tdi.
Forumdan so’ng, “Clarivate” kompaniyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo’llab-quvvatlash jamg’armasi vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda “Clarivate Analytics” vitse-prezidenti Stephen Hawthorne, ta’lim dasturlari rahbari Valentin Bogorov, mijozlarga xizmat ko‘rsatish menejeri Irina Tihonkova qatnashishdi.
Uchrashuv davomida Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo’llab-quvvatlash jamg’armasi ijro etuvchi direktori Bunyodjon Oxunov “Web of Science” ilmiy ma’lumotlar bazasidan unumli va samarali foydalanish yuzasidan o’zbekistonlik pedagoglarni Buyuk Britaniyaga stajirovkalarga yuborish masalasini ilgari surdi.
“Clarivate” kompaniyasi vakillari bunday stajirovkalarni amalga oshirish imkoniyati borligi va bundan tashqari ma’lumotlar bazasi foydalanuvchilari uchun yil davomida bepul vebinarlar tashkil etilishi haqida ma’lumot berishdi.
Ma’lumot uchun, “Web of Science” dunyodagi eng ishonchli global iqtiboslar bazasi bo‘lib, o‘zbekistonlik olimlarga ilmiy izlanishlarini olib borish, yangi ma’lumotlarni o‘rganish va baholash uchun eng yaxshi nashrlar va iqtiboslarni taqdim etadi.