







Vengriya, Germaniya va Italiya davlatlariga xizmat safari amalga oshirildi.
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijro etuvchi direktori v.v.b. J.Tavakalov boshchiligidagi delegatsiya tomonidan joriy yilning 11-15-may kunlari Vengriya, Germaniya va Italiya davlatlariga xizmat safari amalga oshirildi.
Vengriyaning Semmelveys universiteti mas’ullari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv natijasida o‘zbekistonlik yosh olimlarni mazkur universitetda tibbiyot, stomatologiya, farmasevtika va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida ilmiy stajirovka o‘tashlari yuzasidan tomonlar o‘rtasida memorandum imzolandi.
Germaniyaning Tog‘-kon va texnologiya universiteti (TUBAF) mas’ullari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv natijasida o‘zbekistonlik yosh olimlarni mazkur universitetda tabiiy resurslarni qazib olish, qayta ishlash, materialshunoslik, energetika yo‘nalishlarida ilmiy stajirovka o‘tashlari yuzasidan tomonlar o‘rtasida memorandum imzolandi. Shuningdek, stajirovka o‘tovchi olimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi.
Germaniyaning Gannover Leybnis universiteti (LUH) mas’ullari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida o‘zbekistonlik yosh olimlarni mazkur universitetda muhandislik, tabiiy fanlar, arxitektura, huquqshunoslik, iqtisodiyot va gumanitar fanlar sohalarida ilmiy stajirovkalarni tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida xorijiy ilmiy stajirovkalarni tashkil etishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha joriy yilning iyul oyida tomonlar o‘rtasida memorandum imzolashga kelishib olindi.
Germaniyaning Drezden Texnika universitetiga (TU Dresden) Innovatsion rivojlanish agentligi delegatsiyasi tashrifi rejalashtirilganligi sababli mazkur universitet bilan uchrashuv tashkil etilmadi.
Italiyaning Padova universiteti (UniPD) mas’ullari bilan uchrashuv tashkil etildi.Uchrashuv davomida o‘zbekistonlik yosh olimlarni mazkur universitetda tabiiy fanlar, tibbiyot, huquq, iqtisodiyot va muhandislik yo‘nalishlarida ilmiy stajirovkalarni tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida xorijiy ilmiy stajirovkalarni tashkil etishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha joriy yilning iyul oyida tomonlar o‘rtasida memorandum imzolashga kelishib olindi.