
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda xodimlarning bu boradagi huquqiy bilim va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni talablari, unda belgilangan cheklovlar hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun 2024-yil 6-dekabrdan kuchga kirgan bo‘lib, unga muvofiq Jamg‘armaning barcha xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarishda xolislik, halollik va qonuniylik tamoyillariga qat’iy rioya etishi, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishi lozim.
Tadbir davomida Qonunning 8-moddasida belgilangan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan cheklovlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, xodimlar xizmat vazifalarini bajarish jarayonida shaxsiy manfaatdorlikning xizmat vakolatlarini lozim darajada amalga oshirishiga ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymasligi, mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlashi hamda bu haqda belgilangan tartibda ma’lum qilishi zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq qonunchilik talablarini buzganlik uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkinligi tushuntirildi. Jumladan, bunday huquqbuzarliklar O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nazarda tutilgan tartibda ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Tadbirda so‘zga chiqqan Bosh yuriskonsult O. Chaqqonov manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishda har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati muhim ekanini ta’kidladi. Xodimlardan o‘z xizmat vakolatlaridan suiiste’mol qilmaslik, shaxsiy manfaatlarni xizmat manfaatlaridan ustun qo‘ymaslik, mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini yashirmaslik hamda qonunchilik talablariga vijdonan rioya qilish talab etilishi qayd etildi.
Yakunda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik nafaqat qonunchilik talabi, balki Jamg‘armada halollik, shaffoflik va o‘zaro ishonch muhitini ta’minlashning muhim sharti ekani ta’kidlandi.
Tadbir so‘ngida Jamg‘arma xodimlari mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan berilgan javoblar orqali batafsil ma’lumot oldilar.