“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga
oid Davlat dasturi (28.01.2022 yildagi PF-60-son Farmonida) belgilangan tegishli vazifalar ijrosi yuzasidan
MA’LUMOT
(21.07.2022 y. holatiga)
Vazirlikka 7 ta bandda asosiy va 13 ta bandda hamijrochi sifatida vazifalar belgilangan.
Bugungi kunda 85,86,95,157, 220.2-bandlar hamda 320-band bajarildi.
Asosiy ijrochi sifatida belgilangan bandlar ijrosi yuzasidan:
85.3-band. Farmasevtika sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3 barobar ko‘paytirish va mahalliy bozorni ta’minlash darajasini 80 foizga yetkazish borasida 2022 yil mart oyi yakuniga qadar Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish.
Ilg‘or texnologiyalar markazi hududida xalqaro GMP standartlari asosida 8 yo‘nalishdagi muhim biotexnologik mahsulotlarini (vaksinalar, dori vositalari, gormonlar, antitanalar, oqsillar, peptidlar) tajriba-sanoat ishlab chiqarish bo‘yicha kichik farmasevtika korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
Bunda:
Mazkur (85.3-band) band ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilg‘or texnologiyalar markazida biotexnologik tajriba-sanoat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida” qarori loyihasi ishlab chiqildi (ID-57612).
Loyiha vazirlik va idoralar bilan o‘rnatilgan tartibda kelishildi hamda Adliya vazirligidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, 2022 yil 28 martda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Ma’lumot uchun: Mazkur qaror loyihasida Ilg‘or texnologiyalar markazi tuzilmasida biotexnologik preparatlarni, jumladan vaksinalar, koronovirus infeksiyasiga qarshi yangi avlod mahalliy vaksinalar, hujayra preparatlari, gormonlar, antitanalar, oqsillar, peptidlarni tajriba-ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “CAT-Biotech” bo‘linmasini tashkil etish masalalari ham inobatga olingan.
86-band. Elektrotexnika sanoatida yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga va eksportini 3 baravarga oshirish yuzasidan 2022 yil iyun oyi yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqish.
Bajarildi.
Mazkur (86-band) band ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Respublika elektrotexnika sohasida tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror loyihasi ishlab chiqildi.
Hujjat loyihasi o‘rnatilgan tartibda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishildi, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan huquqiy ekspertiza natijalari bo‘yicha xulosasi olinib, 04.07.2022 y. 01-08/3755-sonli xat (ID 59521) bilan Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Ma’lumot uchun: Qaror loyihada elektrotexnika sanoati korxonalarining ilmiy va innovatsion faoliyatini jadallashtirish natijasida korxonalarning mahsulot assortimenti kengaytiriladi, mahalliylashtirish va eksportga yo‘naltiriladigan mahsulotlar texnologiyalarini yaratish, o‘zlashtirish va joriy qilishga ilmiy salohiyat jalb qilinadi, qaror loyihasida soha korxonalarida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik markazlari faoliyatini tashkil etish mexanizmlari belgilangan.
95.3-band. 2026 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 mlrd. kub metr tabiiy gazni tejash yuzasidan 2022 yil may oyi yakuniga qadar Ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi ishlab chiqish.
Vodorod energetikasi texnologiyalari sohasida umumiy qiymati 10 mlrd so‘mlik ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish va 4 ta yangi ilmiy ishlanma asosida vodorod energiyasini olish, saqlash va tashish texnologiyasini yaratish dasturini tasdiqlash.
Bajarildi.
Mazkur (95.3-band) band ijrosi yuzasidan “Vodorod energetikasi texnologiyalari sohasida vodorodni olish, saqlash va tashish texnologiyalarini yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari Dasturi” loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur Dastur loyiha 2022 yil 1 aprelda (01-08/1746-son xat) bilan Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritildi hamda 2022 yil 25 mayda (24/1-340-son) tasdiqlandi.
Ma’lumot uchun: Dastur loyihasida vodorod energetikasi materiallari va texnologiyalari bo‘yicha ilmiy loyihalarni amalga oshirish orqali vodorodni saqlash uchun adsorberlar, metalgidrid tashuvchilar, vodorod olish uchun nanokatalizator va quyosh energiyasi asosidagi elektroliz texnologiyasini yaratish, vodorod energetikasi sohasida yetakchi xorijiy ilmiy markaz va universitetlarga yosh olim va mutaxassislarning ilmiy stajirovkalarini tashkil etish hamda yaratilgan texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlarida sanoat darajasida tajriba-sinov ishlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
157-band. Toshkent shahrida barpo etilgan “INNO” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkini 4 ta hududda tashkil etish bo‘yicha 2022 yil iyun oyiga qadar Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish.
Nukus, Buxoro, Jizzax va Namangan shaharlarida 2023 – 2026 yillarda bosqichma-bosqich zamonaviy infratuzilmaga ega texnoparklarni tashkil etish.
Bunda, texnoparklarda 8 ta startap akselerator, 4 ta biznes inkubator, 4 ta ishlab chiqarish maydonlari, 12 ta kovorking markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
Bajarildi.
Mazkur (157-band) band ijrosi yuzasidan “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparklari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat loyihasi o‘rnatilgan tartibda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishildi hamda Adliya vazirligidan 2022 yil 4 iyundagi 8/2-0450-son huquqiy ekspertiza natijalari bo‘yicha xulosa olindi.
Qaror loyihasi 2022 yil 6 iyunda 01-16/3148-sonli xat bilan o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
220-band. Innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlarda mavjud analoglaridan 50 foizgacha arzonlashtirilgan va sifatli, xom ashyo narxiga nisbatan 2-3 baravar yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtirish. Jumladan;
Bajarilmoqda.
220.1-band. Chust innovatsion hududida birlamchi va ikkilamchi poliolefin mahalliy xom ashyosi hamda yog‘och chiqindilari (g‘o‘zapoya, qamish va x.k.) asosida import analoglaridan 50 foizgacha arzon va sifatli yog‘och-polimer kompozitli stropila, reyka va yog‘och to‘sinlar va boshqa innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish texnologiyasini tijoratlashtirish loyihasini amalga oshirish borasida 2022 yil avgust oyi yakuniga qadar amaliy chora-tadbirlar ko‘rish.
Mazkur band ijrosi yuzasidan Chust tumanida “ChUST DPK KOMPOZIT” MChJ tashkil etildi. Vazirlik tomonidan poliolefin mahalliy xom ashyosi hamda yog‘och chiqindilaridan kompozitli stropila, reyka va yog‘och to‘sinlar innovatsion loyihasini amalga oshirish uchun korxonaga 1,4 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratildi.
Ma’lumot uchun: Loyiha doirasida ishlab chiqarish binosini barpo etish yuzasidan qurilish ishlari olib borilmoqda hamda zaruriy uskunalarni Turkiyadan olib kelish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
220.2-band. Chust innovatsion hududida yeryong‘oq xomashyosini innovatsion usulda qayta ishlash asosida yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yil mart oyi yakuniga qadar amaliy chora-tadbirlar amalga oshirish.
Bajarildi.
Mazkur (220.2-band) band ijrosi yuzasidan Vazirlik tomonidan Namangan viloyat Chust tumanida joylashgan “Olmos Peanuts” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan “Chust innovatsion hududida yer yong‘oq xomashyosini innovatsion usullarda qayta ishlash asosida yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish” mavzusidagi tijoratlashtirishga tayyorlash loyihasiga vazirlik tomonidan 1,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, “Olmos Peanuts” MChJning 4 mlrd. so‘m o‘z mablag‘lari jalb etildi.
Ma’lumot uchun: Chust tumani hududidagi yeryong‘oq yetishtiruvchilardan xarid qilinib (eng oliy navi har kilogrami 9-10 ming so‘mdan), yig‘ib olingan dastlabki 20 tonna yeryong‘oq xom-ashyosini qayta ishlash asosida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar, jumladan yeryong‘oq hom ashyosidan konservalangan yeryong‘oq, pasta, oqsil baton mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi sinovdan o‘tkazildi. Hozirgi kunda ichki va tashqi bozorlarda kilogrami 20-25 AQSh dollari ekvivalentida taklif qilinayotgan mahsulotlar "OLMOS REANUTS" MChJ tomonidan 150 ming so‘mdan taklif qilinishi natijasida mazkur toifadagi mahsulotlarning importini kamaytirishga erishish kutilmoqda.
220.3-band. Nishon innovatsion hududida yantoq va qamishdan foydalanib hamda gidroponika usulida tayyorlanadigan mahsulot asosida chorvachilik, baliqchilik uchun yiliga 700 tonna ozuqa-yem mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish. Loyiha natijalarini boshqa hududlarda bosqichma-bosqich kengaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha 2022 yil davomida amaliy chora-tadbirlar ko‘rish.
Bajarilmoqda.
Mazkur band ijrosi yuzasidan Nishon innovatsion tumanida “Shaxinabonu xazina barakasi” MChJ tomonidan yantoq va qamishdan innovatsion omuxta yem ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun: Loyihaning umumiy qiymati 2,1 mlrd. so‘m bo‘lib, shundan 1,4 mlrd. so‘m Innovatsion rivojlanish vazirligining jamg‘arma mablag‘lari, 700 mln. so‘mi tadbirkor mablag‘ini tashkil etadi. loyiha doirasida barcha zarur asbob-uskunalar sotib olindi. Loyiha doirasida 20 nafar yangi ish o‘rni yaratilgan.Ushbu loyiha natijalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Xorazm va Sirdaryo viloyatlariga bosqichma-bosqich joriy ishlari amalga oshirilmoqda.
291-band. “Yashil makon” umummilliy loyihasi tashabbuslariga mos tarzda aerobiologik monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish borasida 2022 yil noyabr oyiga qadar Amaliy chora-tadbirlar ko‘rish.
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro molekular allergologiya markazi tomonidan allergiya chaqiradigan o‘simliklarning changlanishi, aholining allergik kasalliklarning klinik zo‘rayishi (rinit, bronxial astma) o‘rtasidagi bog‘liqlikni gulchang monitoringi o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yish, bunda:
Toshkent shahrining 2 hududida o‘rnatilgan Lanzoniy (gulchangi qopqoni) asosida o‘simliklarning allergen salohiyatini aerobiologik va multipleksli allergochip usulida doimiy monitoring qilish;
respublikaning 8 ta hududida gulchangi qopqonlarini o‘rnatish asosida muntazam ravishda aerobiologik monitoringni yo‘lga qo‘yish;
shaharlarda daraxtlarni ekishda allergensiz ko‘chat turlarini taklifini ishlab chiqish.
Bajarilmoqda.
Mazkur (291-band) band ijrosi yuzasidan vazirlik huzuridagi Xalqaro molekular allergologiya markazi tomonidan Toshkent shahri bo‘yicha 1 metr kub havoda uchragan daraxt va o‘simliklar gul chang miqdori bo‘yicha kunlik, haftalik, oylika yillik ma’lumotlar umumlashtirildi hamda aholini xabardor qilish maqsadida OAV ga xaftalik ma’lumotlar berib borish bo‘yicha monitoring tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu soha bo‘yicha ma’lumotlar kalendari Respublikaning barcha hududlarida ham ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun: “Yashil makon” umummilliy loyihasi tashabbuslariga mos tarzda aerobiologik monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, “Axolining xududlarda o‘simlik gulchangi allergenlari tarqalishi bo‘yicha ogoxlantirish elektron dasturini yaratish” bo‘yicha maqsadli loyixa tayyorlanmoqda.
320-band. Koronavirus infeksiyasiga qarshi yangi avlod mahalliy vaksinalarni yaratish borasida 2022 yil mart oyi yakuniga qadar Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqish.
Biotexnologik yo‘l bilan koronavirus infeksiyasiga qarshi yangi avlod mahalliy vaksinalarni yaratish texnologiyalarini ishlab chiqish va klinik oldi sinovlarini o‘tkazish va ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish.
Bajarildi.
Mazkur (320-band) band ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilg‘or texnologiyalar markazida biotexnologik tajriba-sanoat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida” qarori loyihasi ishlab chiqildi (ID-57612).
Loyiha vazirlik va idoralar bilan o‘rnatilgan tartibda kelishildi hamda Adliya vazirligidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, 2022 yil 28 martda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Ma’lumot uchun: Mazkur qaror loyihasida Ilg‘or texnologiyalar markazi tuzilmasida biotexnologik preparatlarni, jumladan vaksinalar, koronovirus infeksiyasiga qarshi yangi avlod mahalliy vaksinalar, hujayra preparatlari, gormonlar, antitanalar, oqsillar, peptidlarni tajriba-ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “CAT-Biotech” bo‘linmasini tashkil etish masalalari ham inobatga olingan.